30.06.2021 1654
Kecha «FALCON HUNTING SOLUTIONS» MCHJ boshchiligida Toshkent hayvonot bog‘ida qiziqarli va bilim orttirishga xizmat qiladigan tadbir bo‘lib o‘tdi.
⠀
Аniqroq aytadigan bo‘lsak, qushlarni keyinchalik ona tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborish uchun boquvchi va vaqtincha ushlab turuvchi Qushxona faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Qushxona tashkilotchisi Yelena Abdullayeva yerda yotgan qush yoki uyasidan tushib qolgan jarqaldirg‘och polaponini topib olganda qanday choralar ko‘rish kerakligi haqida taqdimotda batafsil va qiziqarli tarzda ma'lumot berdi.
⠀
Shunday qilib, harakatlar ketma-ketligi quyidagicha:
⠀
Qushni ehtiyotkorlik bilan ko‘taring va qog‘oz sochiq yoki dastro‘molga avaylab o‘rang;
⠀
Toza, iliq, qorong‘i, keng va imkon qadar tinch joyga joylang;
⠀
Shprits yoki pipetka yordamida biroz shirin qilingan iliq suvni (bir piyola suvga 1 choy qoshiq shakar) tumshug‘iga tomchilab quyish orqali bering;
⠀
Qush bilan o‘ynamang, zaruriyatsiz patlariga tegmang, qafasga joylamang;
⠀
Imkon qadar ko‘proq qulaylik yarating va tegavermaslikka harakat qiling;
⠀
Tumshug‘ini ochib, ovqat yedirishga urinmang. Oldiga biroz ozuqa qo‘ying. Qush xohlasa o‘zi yeyishni boshlaydi.
⠀
Qushlarni ovqatlantirishga kelsak, jarqaldirg‘och va hashoratxo‘r qushlarga erkak asalari, qora chigirtka, chumoli tuxumi, ogneviklar, kapalak qurti, pashsha, qurtlar (ularni baliqchilar do‘konidan sotib olish mumkin) to‘g‘ri keladi.
⠀
Аsosiysi esa!
⠀
Jarqaldirg‘ochlarni non, don, un qurti yoki chuvalchanglar bilan boqib bo‘lmaydi. Bu qushning o‘limiga yoki patlari noto‘g‘ri shakllanishiga olib kelishi mumkin, bu esa qushni uchish imkonidan mahrum qiladi.
⠀
Nashrimizni saqlab qo‘ying va yordamingizga muhtoj bo‘lgan qushlarni qutqaring.
Ko‘ngilli Tatyana Iskar, masalan, qariyb 39 qushni qutqarib, ularga ikkinchi umr hadya etdi. Siz ham shunday hadya qiling.